E'lonlar

SAMVMI – FANLAR UYUShMASI: Loyihaning dastlabki bosqichi yakuniga yetdi

SAMVMI – FANLAR UYUShMASI: Loyihaning dastlabki bosqichi yakuniga yetdi

SAMVMI – FANLAR UYUShMASI: Loyihaning dastlabki bosqichi yakuniga yetdi

Bundan 3 oy ilgari Samarqand Veterinariya medisinasi institutida mamlakatimiz ta’lim tizimida ilk marta – na’munaviy loyiha – Umumta’lim maktablarining o’qituvchilari uchun Fanlar uyushmasi tashkil etilib, jami 9 ta fanlar bo’yicha Mahorat darslari olib borilayotganligi haqida ma’lumot bergan edik. 

O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyevning 2020 yil 6 noyabrdagi “O’zbekistonning yangi taraqqiyot davrida ta’lim-tarbiya va ilm-fan sohalarini rivojlantirish chora-tadbirlari to’g’risida”gi Farmoni, shuningdek “Ta’lim-tarbiya tizimini yanada takomillashtirishga oid qo’shimcha chora-tadbirlar to’g’risida”gi qarorlari ijrosini ta’minlashga qaratilgan mazkur loyiha doirasida tashkil etilgan mahorat darslarining birinchi bosqichi yakuni munosabati bilan “SamVMI – FANLAR UYuShMASI qoshida umumiy o’rta maktablar iqtidorli yoshlarini o’qitish, oliy o’quv yurtiga maqsadli yo’naltirish orqali ta’lim-tarbiya uyg’unligini ta’minlash – KELAJAK POYDEVORI” shiori ostida ko’rgazmali o’quv-seminari bo’lib o’tdi. 

O’zbekiston Respublikasi veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo’mitasi, Oliy va o’rta maxsus ta’lim vazirligi, Samarqand viloyati hokimligi va viloyat xalq ta’limi boshqarmasi hamda Samarqand veterinariya medisinasi instituti hamkorligida tashkil etilgan mazkur tadbirda  SamVMI – FANLAR UYuShMASI a’zolari -viloyatimizning Samarqand, Narpay, Pastdarg’om, Urgut, Bulung’ur va Jomboy tumanlari umumta’lim maktablarining direktorlari, maxsus fanlari o’qituvchilari va a’lochi o’quvchilari, SamVMI qoshidagi akademik lisey va texnikum mutasaddilari ishtirok etishdi. 

Seminarni mazkur loyiha muallifi, Samarqand Veterinariya medisinasi instituti rektori, biologiya fanlari doktori professor, Xudaynazar Yunusov ochib berdi va  institut qoshida ochilgan Fanlar Uyushmasi, unda kimlar o’qitilishi va mashg’ulotlar qay tarzda tashkil etilganligi, mazkur loyihadan ko’zlangan maqsad xususida tadbir mehmonlari va ishtirokchilariga ma’lumot berdi. “ -O’zbekiston yangi davrga qadam qo’yar ekan, prezidentimiz ta’kidlaganlaridek, ta’lim tizimini isloh qilmasdan, uni yangi bosqichga ko’tarmasdan turib, yangi marralarni zabt etish mushkul bo’ladi. Islohotlarni aynan maktab ostonasidan boshlash va bu yo’lda barcha samarali usullarni ishga solish, shuningdek, oliy ta’lim muassasalarining umumta’lim maktablari bilan hamkorligini yo’lga qo’yish  – tajribalarda sinalgan va yaxshi natija bergan usullardan ekanligini bugun barchamiz tushunib yetmoqdamiz. O’tgan qisqa muddat, 3 oy davomida maktab o’qituvchilari bilan yaqindan ishlab, mashg’ulotlarda birga bo’lib, hamkorlik qilib, bunga yana bir bor amin bo’ldik. Ular yangicha ishlashga, bilim va malakalarini oshirishga va hamkorlikni davom ettirishga  tayyor va bundan ko’p yaxshi natijalarni kutish mumkin, ” – deydi rektor o’z ma’ruzasida. 

Shuningdek o’quv seminarida Respublika veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo’mitasi boshqarma boshlig’i Jahongir Tursagatov, Viloyat Halq ta’limi boshqarmasi boshlig’ining birinchi o’rinbosari Qo’ldosh Saidovlar ishtirok etishdi. Ma’ruzachilar o’z so’zlarida respublikamizdagi mavjud yuzdan ziyod OTM orasida aynan Samarqand Veterinariya medisinasi institutida ana shunday na’munaviy loyiha muvaffaqiyatli va tizimli amalga oshirilayotganligi, bu qisqa fursatlarda o’zining ijobiy natijasini berishini ta’kidladilar. Jumladan, viloyat Halq ta’limi boshqarmasi mutasaddisining so’zlariga ko’ra, viloyatimizdagi mavjud 1 200 tadan ziyod umumta’lim maktablari ayni kunda Samarqand shahridagi oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikni amalga oshirmoqda va bu hamkorlik yaqin kelajakda ta’lim sifati va maktab bitiruvchilarning oliy ta’lim muassasalariga qamrovining sezilarli darajada oshishiga xizmat qiladi. 

 

O’quv seminari davomida institutda ko’rgazma tashkil etilib, ayni kunda SamVMIda qanday mutaxassisliklar tayyorlanishi haqida ishtirokchilarga ma’lumot berildi. Institut qoshidagi kafedralar, bo’limlar o’z imkoniyat va salohiyatlarini turli vositalar yordamida namoyish etdilar.

 

Fanlar Uyushmasi tomonidan o’tgan davr mobaynida  81 ta mahorat darslari tashkil etilib, unda 400 nafardan ortiq o’qituvchilar qatnashdilar. O’quv seminari davomida mashg’ulotlarni jonli va qiziqarli tarzda tashkil etgan SamVMI professor-o’qituvchilari va darslarda faol ishtirok etgan maktablar o’qituvchilari institut rektori va Pastdarg’om tumani Xalq ta’limi bo’limining faxriy yorliq va diplomlari bilan taqdirlandi. Eng ilg’or va faol maktablar e’tirof etilib, ularning rahbarlariga tashakkurnoma e’lon qilindi. Shuningdek, maktablarning alohida fanlar bo’yicha (SamVMI mutaxassisliklariga oid) a’lochi deb topilgan bitiruvchi sinf o’quvchilariga bir martalik rektor stipendiyasi va diplomlar taqdim etildi.

 

Seminar yakunida uning ishtirokchilari uchun institut Madaniyat saroyida iqtidorli talabalardan iborat “Humo” teatr klubi a’zolari tomonidan konsert dasturi namoyish etildi. 

Badiiy qismdan so’ng mehmonlar uchun bayram dasturxoni tashkil etilib, “bir piyola choy ustida” suhbat davom ettirildi. Mahorat darslarining ikkinchi bosqichi 1 martdan 1-bosqich davomida fanlar bo’yicha saralab olingan maktab o’qituvchilari (Fanlar uyushmasi koordinatorlari) va Institut professor-o’qituvchilari tomonidan olib boriladi va iyun oyiga qadar davom etadi. Mahorat darslari Ona tili va adabiyoti, tarix, ingliz tili, rus tili, informatika, matematika, biologiya, kimyo va fizika fanlari bo’yicha o’tkazilishi rejalashtirilgan.

SamVMI Axborot xizmati