Yangiliklar

ABDULLA QODIRIY IJODI – BUYUK MEROS

ABDULLA QODIRIY IJODI – BUYUK MEROS

Abdulla Qodiriy...
Adibning hayoti va ijodini o’rganish, ijodiy merosidan, xususan, “O’tkan kunlar” romanidan bahramand bo’lish – bu doimo davom etadigan, avlodlar nazdida yangilanib turadigan sog’inchli, ayni damda, o’tmishga aylanmaydigan qadriyatlar sirasiga kirib ulgurdi.
Abdulla Qodiriy tavalludining 125 yilligi ayni kunda mamlakatimizning barcha hududlarida keng nishonlanmoqda. 

Garchand adib original asarlar yozib, o’z xalqining ma’naviyati xazinasini bebaho durdonalar bilan boyitishga muttasil intilgan bo’lsa-da, mustabid tuzum malaylari uni dushmanlikda ayblab, xalq dushmani sifatida qatl etishga erishgandilar... 125 yil o’tibdiki, tarix bu qora kunlarni unutmaydi, millat bu ko’rguliklardan nomus qiladi. 
Samarqand Veterinariya medisinasi institutida tashkil etilgan adabiy-badiiy kechada buyuk adibning bebaho merosi, u yaratgan asarlar yana bir bor e’tirof etildi.
Abdulla Qodiriy xalq uchun ilm-ma’rifat havodek zarur bo’lgan, yurt tepasida johil shaxslar egalik qilayotgan bir zamonda yashab o’tganligi, yaratgan qahramonlari orqali xalqni o’tgan kunlardan saboq olishga, o’z oramizdagi mehrobdan chiqayotgan chayonlardan ehtiyot bo’lishga chaqirgani Talabalar sahnasida ajib ko’rinish kasb etdi. 

Ijro etilgan milliy qo’shiq va raqslar, she’rlar zalga boshqacha shukuh bag’ishladi.  
 Millatning har bir xonadoniga Otabek, Kumush, Anvar, Ra’nolar qiyofasida kirib borgan, ular taqdiri orqali xalqni o’ylatgan, yig’latgan Qodiriy ruhi institut sahnasiga ham yarashib ketdi.
Tadbir tashkilotchisi, O’zbek tili, adabiyoti va horijiy tillar kafedrasi mudiri Diyora Yunusova shunday deydi: 
“-Qodiriy ijodi go’yoki bir tuganmas hazina. Uni o’rganish, tatbiq qilish uchun uzoq yillar kerakdir, balki. Buyuk adibning ijodiy merosi haqida, afsuski, horijiy kitobxonlar yetarlicha xabar topmagan. O’zbek romanchiligi asoschisining bor-yo’g’i ikkita katta asarlari - “O’tkan kunlar” va “Mehrobdan chayon” romanlari ingliz tiliga tarjima qilingan. ( “Mehrobdan chayon” yaqinda Ilhom To’xtasinov tomonidan ingliz tiliga tarjima qilindi)
Kelgusidagi rejalarimizga aynan adib qalamiga mansub asarlarni tarjima qilishni ham kiritishimiz lozim. “

Darhaqiqat, bu juda yaxshi reja. Qodiriy ijodidan dunyo xalqlari ham bahramand bo’lishi lozim. Zero, buyuk adib shunga loyiq.
Uning ijodi dunyo tan olgan adiblar Tolstoy, Drayzer, Dostayevskiy, Jek London, Xeminguyey, Chingiz Aytmatov va boshqa buyuklardan sira qolishmaydi. 
Tadbir yakunida uning tashkilotchilari institut ma’muriyatining Fahriy yorliqlari va esdalik sovg’alari bilan tahdirlandilar.
Gulchehra Berdiyorova