E'lonlar

Bolgariya ta’lim muassasasi bilan memorandum imzolandi

Bolgariya ta’lim muassasasi bilan memorandum imzolandi

Bolgariya ta’lim muassasasi bilan memorandum imzolandi

Samarqand Veterinariya medisinasi institutida joriy yilning 18-20 yanvar kunlari Bolgariya Respublikasi Varna shahridagi Xalqaro sanoat va aholini tabiiy ofatlar, baxtsiz hodisalardan himoya qilish kolleji boshqaruvi raisi o’rinbosari, doktor  P.I Sirotin mehmonda bo’ldi. Tashrifdan rasmiy maqsad ko’zlangan bo’lib, oliy ta’lim muassalari o’rtasida Hamkorlik memorandumi imzolanishi nazarda tutilgan.  Mehmon institut rektori, professor Xudaynazar Yunusov qabulida bo’ldi va o’zi vakili bo’lgan ta’lim muassasining bugungi faoliyati, ta’lim yo’nalishlari, o’rganish obyektlari va SamVMI bilan kelgusi hamkorlik aloqalaridan kutilayotgan natijalar xususida ma’lumot berdi.

Ma’lumotlarga ko’ra, Yevropa janubidagi, Bolqon yarim orolida joylashgan Bolgariya Respublikasining yirik provinsiyalaridan biri bo’lgan Varna shahrida joylashgan mazkur kollej ko’p yillik tarixga ega bo’lib, Yevropa, Osiyo mamlakatlarining ilg’or oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlik aloqalarini yo’lga qo’ygan. Mamlakat aholisining 18 foizi qishloq xo’jaligi va chorvachilikda band bo’lishiga qaramasdan, bog’dorchilik va tokchilik yaxshi rivojlangan. Qishloq xo’jaligi hom ashyo mahsulotlarini qayta ishlash asosidagi tayyor oziq – ovqat va nooziq ovqat mahsulotlari (qadoqlangan konservalar, sharbat vino, efir moylari, tamaki) mamlakat importining asosiy qismini tashkil etadi.  

 

Tashrif davomida Memorandum imzolandi. SamVMI Halqaro aloqalar bo’limi boshlig’i Iroda Bo’tayevaning ma’lumot berishicha, Hamkorlik aloqalarida malaka amaliyotida talabalar almashinuvi, professor o’qituvchilarni stajirovka uchun yuborish, kelgusida Halqaro O’zbek-Bolgar-Chexiya markazini ta’sis etish, Biotexnologik klaster tarmog’ini yaratish kabi (SamVMIning Biotexnologiya va Chorvachilik mahsulotlarini qayta ishlash texnologiyalari kafedralari bilan hamkorlikda yo’l xaritasi tuzilib, qo’shma loyihalarni amalga oshirish) yirik loyihalar nazarda tutilgan. Memorandum imzolangan kundan kuchga kiradi va 5 yil muddat davomida amal qiladi.  

 

Shuningdek, memorandumda har ikki oliy ta’lim muassasalari o’rtasida qo’shma o’quv dasturlari va o’quv materiallarini ishlab chiqish, ta’lim va fan sohasida halqaro grantlarni olish borasida qo’shma loyihalar yaratish, tadqiqotlar o’tkazish, qo’shma konferensiya, mahorat darslari, seminar – treninglar tashkil etish borasida bitimlar e’tiborga olingan. Tomonlarning kelishuvi bilan qo’shimcha shartlar kiritilib, hamkorlik kengaytirilishi ham mumkin.

SamVMI Axborot xizmati