Yangiliklar

SAMVMI AXBOROT XIZMATI MUNOSABAT BILDIRADI

SAMVMI AXBOROT XIZMATI MUNOSABAT BILDIRADI

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilgan SamVMIning sobiq xodimi M.Mamatovaning murojaatiga javob Mamlakatimizda ta’lim sifatini yuqori pog’onaga ko’tarish, jahon standartlariga to’liq javob beradigan raqobatbardosh kadrlar tayyorlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu borada O’zbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasining bir qator qaror va farmoyishlari e’lon qilindi. Unga binoan, ta’limning, ayniqsa oliy ta’limning sifatini oshirish maqsadida mamlakatimizga, ko’pgina sohalar bo’yicha O’zbekistonda tug’ilib o’sgan, keyinchalik horijda ilg’or ta’lim va texnologiyalarni o’rgangan, shuningdek faoliyati davomida katta yutuqlarni qo’lga kiritgan ilmiy darajali kadrlar taklif etildi va bu ishlar davom etmoqda. Ular qatorida Rossiya Federasiyasining oliy ta’lim tizimida samarali faoliyat ko’rsatib kelayotgan yurtdoshimiz, iqtidorli biolog olim va rahbar (sobiq Moskva Davlat Universiteti dekani) Yunusov Xudaynazar Beknazarovich 2018 yilning  may oyidan Samarqand qishloq xo’jaligi instituti negizida tashkil etilgan Samarqand Veterinariya medisinasi instituti rektori etib tayinlandi.  
Yunusov rektorligi davrida o’tgan 2 yil mobaynida institutda katta o’zgarishlar amalga oshirildi. Jumladan qariyib, 32 yil mobaynida qurilishi tugallanmagan 820 o’rinli yangi o’quv binosi bir yil mobaynida qurib bitkazildi. 9ta zamonaviy, barcha talablarga javob beradigan o’quv va ilmiy laboratoriyalar ishga tushirildi. SamVMIda dunyo standartlariga to’liq mos keladigan har xil turdagi hayvonlarni saqlaydigan, veterinariya amaliyot klinikasi qurilish ishlari boshlab yuborildi. Institut o’quv poligonida “kichik chorvachilik kompleksi” binosi loyihalashtirilib, qurilish ishlari boshlanish arafasida. 
Institutda yillar davomida ildiz otib kelgan oshna-og’aynigarlik va korrupsion illatlarga deyarli to’liq barham berildi. Bu kabi yangilanishlar ta’lim muassasasini o’zining “shaxsiy xo’jaligi” qilib olgan, nomigagina “ilm” qilib,  kunini o’tkazib yurgan ma’naviyati past juda kam sonli “o’qituvchi” larga ma’qul tushmadi va avvalgi “tinchlik zamonlar”ni qo’msaydiganlar ham topildi. 
Yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda institut va uning rahbari sha’niga institutning sobiq xodimi M.Mamatova tomonidan turli ayblovlar e’lon qilindi. Unda SamVMIning “Epizootologiya, mikrobiologiya va virusologiya” kafedrasi mudiri M.Mamatova ishdan nohaq bo’shatilgani va institut rektorining noqonuniy ishlari haqida isbot va dalillarsiz, quruq his-hayajonga to’la fikrlari o’rin olgan. 
Ma’lumot o’rnida aytish lozimki, Mamatovaning Respublikamizning o’nlab idoralariga qilgan arznomalari tegishli mutasaddilar tomonidan bir necha marta o’rganilib chiqildi. Bir necha marta bo’lib o’tgan sud jarayonlarida murojaatchining ayblovlari isbotlanmadi.
 2020 yilning 28 iyul kuni bo’lib o’tgan Fuqarolik ishlari bo’yicha Samarqand viloyat apellyasiya instansiyasining ajrimi bo’yicha, Mamatovaning ishga tiklash va ish haqini undirish haqidagi da’vo arizasi qanoatlantirilmagan, ya’ni fuqarolik ishlari bo’yicha Samarqand shahar sudining 2020 yil 12 iyundagi hal qiluv qarori o’zgarishsiz qoldirilgan.  
Mamatova yozishmalarni turli idoralarga jo’natishda davom etgan va bir paytning o’zida ijtimoiy tarmoqlar orqali institut va uning rahbari sha’nini qoralashni maqsad qilgan. 
Mamatova X.Yunusovning O’zbekistondagi ilmiy ishi xususida ham asossiz, tuhmatdan iborat fikrlarni bildirgan.
X.Yunusov O’zbekistonga kelganidan so’ng, Respublika Vazirlar Mahkamasi huzuridagi OAK (Oliy Attestasiya Komissiyasi) ga xat bilan murojaat qilgan, doktorlik dissertasiyasi soha bo’yicha eng tajribali mutaxassislar tomonidan o’rganib chiqilgandan so’ng,  O’zbekiston Respublikasida himoya qilish mumkin, degan xulosaga kelingan. Dissertasiya ishi O’zbekiston Milliy Universiteti huzuridagi Ilmiy seminarda muhokama qilinib, so’ng asosiy himoya uchun ruhsat berilgan. Dissertasiya himoyasi 2019 yil may oyida O’zMU huzuridagi Ilmiy kengashda ochiq himoya sifatida respublikaning eng nufuzli olimlari ishtirokida va barcha belgilangan qonun-qoidalar asosida o’tkazilgan. Ish ijobiy baholanib, X.Yunusovga biologiya fanlari doktori ilmiy darajasi berilgan. Bu yerda “plagiatlik” (ko’chirmakashlik) bo’lganida butun respublika rahbariyati, shuncha katta olimlar va nufuzli ilmiy jamoa bunga ko’z yumib turarmidi?  
Agar bu tuhmatlarga huquqiy baho berilganda, Mamatova bunga qanday javob berarkan? Institut va uning yangi rahbari sha’nini yerga urish, uzoq yillar birga ishlagan hamkasblari yuziga qora chaplash uchun insonga ancha iroda kuchi kerak bo’ladi. Nahotki, ziyoli kishi  amalga oshirilayotgan o’zgarishlardan biroz bo’lsada, o’ziga xulosa chiqarmaydi, endi avvalgidek ishlab bo’lmasligini, zamon va talablar o’zgarganini his qilmaslik mumkinmi?
Ziyoli Inson bundan albatta xulosa chiqarishi kerak. 
Murojaatlarning har biriga esa, albatta javob beramiz.  

SamVMI Axborot xizmati