Xabar-Institut yangiliklari

image description

SIZ O‘ZBEKISTON TARIXINI BILASIZMI? VATAN OZODLIGI, MILLIY QADRIYAT UCHUN KURASH VA QATAG‘ON SIYOSATI

Ajdodlarimizning Vatan tinchligi va ozodligi yo’lidagi kurashi bugungi kun yoshlari uchun ibrat maktabidir. Har bir viloyatda Qatagʻon qurbonlari xotirasi muzeyining filiallarini tashkil qilishimiz kerak. Ular universitet va institutlar qoshida tashkil etilsa,ayni muddao boʻladi. Qatagʻon qurbonlari xotirasi boʻyicha maktab darsliklarida maxsus dastur asosida oʻqitish tizimini ham ishlab chiqish zarur.                                                                                     SH.M.Mirziyoyev.

 

Jafokash xalqimiz yashagan keyingi yuz yilliklar tarixini ko‘z oldimizga keltirsak, ona-Vatanimizning chor Rossiyasi tomonidan bosib olingandan keyin bu xalq qachon o‘zi kun ko‘rgan, bemalol yashagan ekan degan mulohazaga borasan, kishi.

XIX asrning 40-yillaridan Turkistonga bostirib kirgan rus qo‘shinlari vatandoshlarimizning qonu jonlari evaziga maqsadiga erishdi. Mintaqani Rossiya uchun arzon xom ashyo manbai va tayyor sanoat mollarini sotadigan bozorga aylantirdi. Moddiy va ma’naviy boyliklarimiz talon-toroj qilindi, olib ketildi, milliy qadriyatlarimiz, diniy e’tiqodimiz va madaniyatimiz tahqirlandi.SHu oʻrinda mustamlakachilarni oʻlkani abadiy Rossiya mulkiga ayllantirish maqsadida amlga oshirgan ruslashtirish siyosatini amalga oshmasligiga , xalqimizni uzoq oʻtmishdan shakllanib,mustahkamlanib kelgan milliy va diniy qadriyatlarini,milliy oʻzligini saqlab qolish uchun qilgan harakati,bu boradagi metin irodasi sabab boʻlganligini ta’kidlash joiz.

Yerli xalq bu bosqinchilarning kelishini qo‘l qovushtirib kutib olgani yo‘q, albatta. Ammo, qarshiliklar ayovsiz bostirildi, xalq o‘lkaning turli hududlarida ayovsiz qirg‘inga uchradi. Jumladan, shunday qo‘zg‘olonlar 1916 yilda Samarqandda ham bo‘lgan.

Mamlakatimizda o‘z hukmronligi o‘rnatib olgan chor Rossiyasi asta-sekinlik bilan saltanatini mustahkamladi, qarshilik ko‘rsatgan xalqqa nisbatan qatag‘on mexanizmini yo‘lga qo‘ydi. Mardikorlikka olish ana shu qatag‘onlarning bir ko‘rinishi edi. O‘sha yillarda Samarqand viloyatidan 32407 kishi, shu jumladan, Samarqand uezdidan 6672 nafar, Kattaqo‘rg‘on uezdidan 5327 nafar, Jizzax uezdidan 9483 nafar, Xo‘jand uezdidan 6575 nafar, Samarqand shahridan 3 ming 796 nafar kishi mardikorlikka olinganligi, Turkistondan 123 ming kishi Rossiyaning Moskva, Ryazan, Samara, Kiev, Odessa, Xarkov, Peterburg, Tbilisi, Penza, Tula va boshqa shaharlariga, Kavkazga surgun qilinganligi tarixiy manbalardan ma’lum.

Poezdingni jildirgan

O‘txonasi bilan do‘ngalagi.

Dvinskaga ketishdi

Mard yigitning bir bo‘lagi.

Dvinskaga ketmas edi

Mard yigitning bir bo‘lagi.

Dvinskaga ketkazgan

Nikolay zolimning zambaragi,

degan xalq qo‘shiqlari o‘sha paytlari paydo bo‘lgan.

Sovetlar hokimiyatni qo‘lga kiritgandan so‘ng bu zulmning shakli o‘zgardi, xolos. Mazmuni esa deyarli qanday bo‘lsa, shundayligicha qoldi.Farqli jihati shu boʻldiki,agar chor Rossiyasi oʻlkada mustamlakachilik siyosatini amalga oshirishni qattiqqoʻllik bilan ochiq tarzda amlga oshirgan boʻlsa, sovet hokimiyati mustamlakachilik siyosatini makkor kommunistik mafkurani niqobiga yoʻg’rilgan holda ehtiyotkorlik bilan amalga oshirdi. Xalqimiz mustabid tuzumga nisbatan kurashni ham to‘xtatmadi. Muxtoriyat uchun kurashdi, ma’rifatparvarlik harakati boshlanib ketdi. Jadidlar nomi bilan tarixda qolgan ma’rifatparvarlar istibdoddan quatilish, millatni uyg‘otish, nafaqat iqtisodiy, balki madaniy taraqqiyot sari yo‘l ochish, xalqqa ziyo tarqatish uchun jon kuydirdilar. Ularning sardorlaridan biri samarqandlik Mahmudxo‘ja Behbudiy edilar. U Samarqandda yangi usuldagi maktablar ochdi, bu maktablar uchun darsliklar yaratdi, «Padarkush» nomli ilk o‘zbek dramasini yozdi va teatr tuzib, uni sahnalashtirdi. «Samarqand» gazetasi va «Oyina» jurnaliga asos soldi. Butun hayotini xalqni ilmli va ma’rifatli qilishga bag‘ishlagan inson 1919 yilda 44 yoshida «xalq dushmani» tamg‘asi bosilib, qatl etildi. Yana bir samarqandlik ma’rifatparvar ziyoli Saidrizo Alizoda olim, tarjimon va jurnalist sifatida faoliyat olib borgan. 1937 yilda qatag‘on qilingan va Vladimir shahrida siyosiy mahbuslikda vafot etgan.  Muhtaram  Prezidentimiz SH.M.Mirziyoev 2020-yilning 24-yanvaridagi Oliy Majlisga qilgan Murojaatnomasida 2020-yilda,xalqimiz tarixining murakkab davrlarida,ma’rifat mash’alasini baland koʻtarib,chiqqan ulugʻ alloma va jamoat arbobi Mahmudxoʻja Behbudiyning 145-yillik tavllud sanasi keng nishonlanishini alohida ta’kidlaganligi, ushbu Vatan fidoyisi xotirasiga mamlakatimizda katta e’tibor berilayotganligini koʻrsatadi.Bundan tashqari,muhtaram Prezidentimiz ushbu anjumanda,biz jadidchilik harakati,ma’rifatparvar bobolarimiz merosini chuqur oʻrganishimiz kerakligini,bu ma’naviy xazinani qansha ko’p o’rgansak,bugungi kunda ham bizni tashvishga solayotgan juda koʻp savollarga to’gʻri javob topishimiz mumkinligini,bu bebaho boylikni qancha faol targʻib etsak,xalqimiz,ayniqsa,yoahlarimiz bugungi tinch erkin hayotning qadrini anglab yetishligini ta’kidladi.Zero,aynan,jadid “munavvarlari” XIV-XV asrlardagi (sohibqiron Amir Temur va Temuriylar davri) har tomonlama yuksalishdan keyin,diniy aqidaparastlik,ichki sulolaviy nizolar oqibatida har tomonlama tanazzulga uchragan,buning oqibatida podsho Rossiyasining mustamlakasiga aylangan koʻhna Turon zaminni jaholat va istibdod botqogʻidan chiqarib, milliy, diniy qadriyatlar va zamonaviy taraqqiyot uygʻunlashgan davlat tuzishni rejalashtirgan, bu yoʻlda molini,jonini fido qilishga tayyor boʻlgan Vatan fidoyilari edilar.   

O‘lka musulmonlarni yagona fikr va maslak asosida birlashtirishni maqsad qilib qo‘ygan va 1917-1918 yillarda faoliyat olib borgan «SHo‘roi islomiya» tashkiloti ham barbod etilgan. Quyidagilar tashkilotning Samarqanddagi a’zolari bo‘lishgan: Abbosxon Aminov, Abdulxay hoji Imomnazarov, Abdurayim Ernazarov, Abdusalim Fayzullaev, Abduhakim Qodirov, Alibek Qodirov, Bahrom hoji Bozorov, Bekmirzaev, Boltaboy Odilov, Domla Salim mudarris, Jamol SHodmonov, Zunnun SHorasulov, Kamol Asliev, Mamatqul Siddikov, Mahmudjon Saidboev, Mahmudxon Ahmadov, Mirjalil Fayziev, Mirza Ummatyor Karimov, Mulla Abdulla Aliev, Mulla Amirqul Abdunabiev, Mulla Muxtor Xudoyberdiev, Mulla Said Ikromov, Mulla Turdi Usmonov, Mulla Xidir Ernazarov, Mulla Haydar Umarov, Normat Nurboev, Normuhammad Pardaboev, Nurullo Ulug‘bekov, Omon hoji Sulaymonov, Orol CHo‘liboev, Oftobxon Mahmudxonov, Saidmurod, Turdiboy Umarov, Ubaydulla O‘sarov, Farsoxon Mo‘minxo‘jaev, Xudoyberdi Jonuzoqov, Qozi Boboxon Abdullaxo‘jaev, Qori Ahmadjon Xudoyberdiev, Qori Isoxon SHirinhojiev, Qori Komil, Qori Narzulla Fayzullaev, G‘ofir Jo‘raboev, Haydar Abdujabborov, Hosilmurod Karimov. Ularning ham deyarli barchasi qatg‘onga uchragan.Ushbu tashkilotning omon qolgan koʻplab faollari keyinchalik “Milliy ittihod”hatto, “MIlly istiqlol”tashkilotiga yoki ushbu tashkilotlarning joylardagi shoʻbalariga,maxsus jamiyatlariga a’zo boʻlib qarshilik harakatini davom etkazganligi,oxir-oqibat mustabid tuzumning yemirilishiga hissa qoʻshganligi haqida manbaalarda muhim ma’lumotlar mavjud.

Ona zaminimizda o‘z mavqeini mastahkamlashga kirishgan sho‘rolar qatag‘on siyosatini yana avj oldirdi. Jumladan, maqsadi mintaqani sovetlashtirish va ruslashtirish ta’siridan saqlab qolish, yurt mustaqilligiga erishish bo‘lgan «Milliy ittihod» nomli jadidlarning yashirin tashkiloti (1920-1925) ni yo‘q qilishga kirishdi. Barcha jadidlar qatorida tashkilotning Abduaziz Abdug‘ofurov, Abduvahob Ma’rufjonov, Abduqodir SHakuriy, Abdumajid Zokiriy, Abduhakim Qurbi, Abubakr Abulxayrov, Akobir SHomansurov, Bahriddin SHaripov, Bektosh Narzullaev, Vadud Mahmudov, Zaynitdin Nazritdinov, Ismatulla Rahmatullaev, Mansur Xo‘jaev, Ma’rufjon Rasuliy, Mirjamolov, Mirza Quli Nizomutdinov, Mirzaxalil Karimov, Mirzaxo‘ja O‘rinxo‘jaev, Mulla Lutfulla Rahmatullaev, Mulla Nazarbek Abdujabborov, Mulla Sulton Haqberdiev, Murodjon Fayzulin, Murodxon Allaxo‘jaev, Narzullabek Rustamov, Salohiddin Sulaymonov, Tilov Rahmatullaev, Topiboldi Rahmonberdiev, To‘laboy Jo‘raboev, Faxritdin Nazritdinov, Xoja Muin SHukurullaev, SHamsitdin Mavlonov, SHoqobil Karimov, Qozi Boboxon Abdullaxo‘jaev, Qozi Haydarbek Abdusaidov, Qori Zokir Hamidboev, Qosim Bobojonov singari samarqandlik a’zolari ham qatag‘on qilindi.

Tashkilot faoliyati barbod bo‘lgach, uning omon qolgan a’zolari «Milliy istiqlol» degan yangi tashkilot tuzdilar. Munavvarqori boshchiligda 1925-1929 yillarda faoliyat ko‘rsatgan bu tashkilotning 87 a’zosi qamoqqa olingan va qatag‘on qilingan. Quyidagilar tashkilotning Samarqanddagi a’zolari bo‘lishgan: Abdusamad Rahimov, Ahmad Azizov, Ahmadbek Umarov, Ahmadjon Jalolov, Ahror Muxtorov, Dadaxon Rajabov, Jalol Umarov, Juma Qurbonov, Karim Abdullaev, Karimov, Qurbonov, Laziz Azizzoda, Mamatqul Abdullaev, Mardi Burnashev, Mulla No‘‘mon, Murodxon Allaxo‘jaev, Narzulla Inoyatov, Nosir Hojimetov, Obid Hamidov, Oqil Mansurov, Pardaev, Raufov, Rahmon Abdurahmonov, Salimxon Tillaxonov, Sarits, Sa’dulla Omonov, Stepan Petrichenko, Tojiboy Abdulxayrov, Tursunqul Oqilov, Fatxulin, Faxritdin Ma’rufov, Haydar Ashrafiy, Hamroqul Rajabov, Hikmat Fayzullaev, Hoji Jo‘raev kabilar.

«Milliy ittihod» tashkilotga bo‘ysungan «Nashri maorif»ga a’zo bo‘lgan samarqandlik Akobir SHomansurov, Qozi Haydarbek Abdusaidov, SHoqobil Kamolov, Mo‘minxo‘jaev, Ahmadjonov, Murodxon, Rabbimqul Solihov, Mirzakarimov Hasanjonov, SHarif Kayumovlarning qismati ham shunday bo‘lgan.

O‘tgan asrning 30-yillariga kelib qatag‘onlar siyosiy tus olgan. «O‘zbekiston Milliy ensiklopediyasi»da qayd etilishicha, «XX asrning 30-yillari o‘rtasiga kelganda butun mamlakatda bo‘lgani singari O‘zSSRda ham ommaviy qatag‘onlar avj olgan. Yirik davlat va jamoat arboblari, partiya va xo‘jalik rahbarlari, ziyolilar, ruhoniylar va harbiylar bilan birgalikda oddiy kishilar – ishchilar va kolxozchilar ham qatag‘on qilindi». Bayonning davomida yana quyidagi ma’lumotlar keltirilgan: «1937-39 yillarda to‘qib chiqarilgan soxta ayblovlar bo‘yicha O‘zbekistonda 41 mingdan ortiq kishi hibsga olinib, ulardan 37 mingdan ortig‘i jazolandi, 6920 kishi esa otib o‘ldirishga hukm qilindi. Faqat davlat va jamoat arboblari, yozuvchi, shoir va olimlardan 5758 kishi qamoqqa olinib, ulardan 4811 kishi otib tashlangan».

Bu yillarda etnik qatag‘onlar – deportatsiya avj olgan. O‘zbekistonga koreyslar, Volgabo‘yi nemislari, chechenlar, ingushlar, bolqorlar, qorachoylar, mesxeti turklari, qrim tatarlari, polyaklar va boshqa millat vakillari surgun qilingani kabi o‘zbeklar ham Rossiyaning turli o‘lkalariga, Ukrainaga, SHimoliy Kavkazga, O‘zbekistonning ichida bir hududdan ikkinchi hududga surgun qilingan. Arzimagan kamchiliklar, masalan, mehnat kunini to‘la bajara olmagan kolxozchilar 5-10 yillab qamoq lagerlarida saqlangan.

Mana shu tarzda davlat arboblari, din vakillari, ilm-fan va adabiyot, madaniyat va san’at xodimlari, xotin-qizlar va Germaniya o‘qib kelgan ziyolilar qatag‘on etilgan. Kolxozchilar «quloq» qilingan.

Bu mash’um siyosat Ikkinchi jahon urushi va undan keyingi yillarda davom ettirildi. Etnik qatag‘onlar to‘xtatilmadi. «O‘zbekiston Milliy ensiklopediyasi»da totalitar tuzum rahbariyatining farmoyishi bilan urush yillarida Qrimdan 151604 qrim tatari, Gruziyadan 110 ming mesxeti turki, SHimoliy Kavkazdan 175 ming chechen, 20 mingdan ortiq ingush, 4500 bolqor, armani va greklar O‘zSSRga ko‘chirilganligi haqida ma’lumotlar bor. 1944 yil o‘rtalariga kelib O‘zbekistonda 44 mingdan ziyod polyak millati vakillari yashagan. Mahalliy aholining jabrdiydalarga hayrihohlik bildirgani va samimiy yordam berganligiga tarix guvoh.

SHo‘rolar istibdodi to Vatanimiz mustaqillikni qo‘lga kiritgunga qadar davom ettirildi deb bemalol aytish mumkin. Tariximizda qora dog‘ bo‘lib turgan va tarixga «paxta ishi», «o‘zbeklar ishi» nomi bilan kirgan va 24 ming vatandoshimiz badnom etilgan qatag‘onlarda ham avvalgi qatag‘onlarning isi bor edi, bu da’fa ham yurtning asl, ilg‘or, fidoyi farzandlari nomini qora qilish bilan jahon oldida o‘zbek millatini yerga urish ko‘zda tutilgan edi. O‘zining boy tarixi, ilmiy-ma’naviy merosi bor millatni kamsitish, ularni qora mehnatdan boshqa narsaga yaramaydigan qilib ko‘rsatish edi.

Uzluksiz qatag‘onlar, millatga o‘tkazilgan tinimsiz taziyqlar, mamlakatimizda uzoq yillar hukm surgan kommunistik mafkura xalqning ruhiyatiga ham ma’lum darajada o‘z ta’sirini ko‘rsatib ulgurgan edi. «O‘zbekiston mustaqillikka erishish ostonasida» asarida ta’kidlab o‘tilganidek, mamlakatimizda olib borilgan «faqat xom ashyo etkazib berishga asoslangan bir yoqlama iqtisodiy siyosat o‘zining halokatli salbiy ta’sirini keng miqyosda ko‘rsata boshlagan edi». Mana shu og‘ir va ayanchli vaziyatga mamlakatimizning birinchi rahbari bo‘lib ish boshlagan Birinshi Prezident Islom Karimovning bergan baholarini bir eslaylik: «Respublika barcha asosiy iqtisodiy va ijtimoiy ko‘rsatkichlar bo‘yicha Ittifoqdagi o‘rtacha darajadan ham ancha orqada bo‘lib, mamlakatda oxirgi o‘rinlardan birida turibdi. Biz daraomad darajasi, asosiy turdagi mahsulotlarni iste’mol qilish jihatidan ittifoqdosh respublikalar orasida eng oxirgi o‘rinlardan birida turibmiz. O‘zbekiston aholisi o‘rta hisobda go‘sht mahsulotlarini, sut va sut mahsulotlarini, tuxumni, umuman mamlakat aholisiga nisbatan ikki barobar kam iste’mol qilmoqda. Ijtimoiy infrastruktura tarmoqlari: sog‘liqni saqlash, xalq ta’limi, maktabgacha bolalar muassasalari juda og‘ir ahvolga tushib qolgan». Xalqimizning ijtimoiy-iqtisodiy ahvolini chuqur tahlil qilib bergan Islom Karimov «Biz bundan buyon eskicha yashay olmaymiz va bunday yashashga zamonning o‘zi ham yo‘l qo‘ymaydi», degan g‘oyani o‘rtaga tashladilar va butun xalqning kuch va imkoniyatini yangicha turmush tarzini shakllantirishga safarbar etdilar.

Keyingi yuz yillar davomida xalqimizning, uning qatag‘onga uchragan asl farzandlarining ozod va obod Vatan haqidagi orzulari muhtaram YUrtboshimizning sa’yi harakatlari misolida amalga oshdi. Mustaqillikka erishdik, o‘tgan salkam chorak asr mobaynida tinch va osoyishta mamlakatda yaratuvchilik va bunyodkorlik ishlari bilan mashg‘ulmiz.

Vatan ozodligi va xalqni ilmu ma’rifatli qilish yo‘lida jon fido qilgan ajdodlarimizning tabarruk nomlarini ham unutganimiz yo‘q. 2000 yili poytaxtimizning YUnusobod tumanida qatag‘on yillarida xalqimizning minglab asl farzandlari qatl etilib, nom-nishonsiz ko‘mib tashlangan, necha yillar davomida qarovsiz qolib kelgan Bo‘zsuv kanali sohilidagi Alvastiko‘prik deb nom olgan jarlik o‘rnida SHahidlar xotirasi xiyoboni va keyinchalik shu nomda muzey va jamg‘arma tashkil qilindi. 2001 yildan e’tiboran 31 avgust yurtimizda Qatag‘on qurbonlarini yod etish kuni sifatida nishonlanadigan bo‘ldi. Har yili 31 avgust tongida bu maskanda xalqimizning qadimiy urf-odatlariga ko‘ra osh tortib, Qur’on tilovat qilish, davlat va hukumat rahbarlari, keng jamoatchilik vakillarining bu yerga kelib, marhumlarni yod etishi, ularning ruhiga hurmat bajo keltirishi ibratli an’anaga aylanib qoldi.Jumladan.muhtaram Prezidentimiz SH.M.Mirziyoyev 31 avgust Qatag‘on qurbonlarini yod etish kunida ishtirok etib,insondan uning qilgan ezgu amallari,ishlari qolishligini,bunga XX asr boshida xalqimiz orasidan yetishib chiqqan Mahmudxoʻja Behbudiy,Munavvarqori Abdurashidxonov,Abdurauf Fitrat,Abdulhamid Choʻlpon,Abdulla Qodiriy,Mahmud Xodiev(Batu),Mashriq YUunusov(Elbek),Usmon Nosir singari vatanparvar,ma’rifatparvar insonlarning hayot yoʻli yoshlarni keng dunyoqarashli,vatanparvar insonlar qilib tarbiyalashda oʻta muhimligini ta’kidladi.

 

 

 

TOYIROV ALISHER ERGASHEVICH, 

SamVMI, DOTSENTI, T.F.N. OʻZMTDP faoli.

Foydali saytlar

Veterinariya sohasining rivojlanishiga o'z hissalarini qo'shib kelayotgan hamkorlarimiz