Yangiliklar

RUMINIYA BILAN HAMKORLIK ALOQALARIMIZ KENGAYADI

RUMINIYA BILAN HAMKORLIK ALOQALARIMIZ KENGAYADI

Ruminiya Respublikasining shimoli g’arbida joylashgan Kluj Napoka shahri, qadimiy va navqiron Samarqandimiz kabi ruminlarning tarixiy shaharlaridan biri hisoblanadi.  Mamlakatdagi mavjud Oliy ta’lim muassasalari orasida Qishloq xo’jalik fanlari va veterinariya medisinasi Universiteti mintaqadagi eng nufuzli oliy o’quv yurtlari top 1000 taligidan joy olganligini ruminiyalik mehmonlar alohida fahr bilan tilga olishdi. Shuningdek, mehnat bozorida ta’lim muassasasi tayyorlaydigan mutaxassislarga talab o’ta yuqori bo’lganligi bois, bor –yo’g’i 60 nafar talaba o’qishga qabul qilinadigan joyga 300 nafardan ortiqroq abituriyentlar da’vogarlik qilishadi. Darhaqiqat, veterinariya mutaxassislari, umuman oziq-ovqat havfsizligi muammolari bilan shug’ullanadigan mutaxassislar ayni kunda butun dunyoda ( ayrim mamlakatlarni hisobga olmaganda) juda qadrlanadigan va yaxshigina haq to’lanadigan kasblardan, sohalardan biridir.

  Samarqand Veterinariya medisinasi instituti bilan Kluj-Napoka Qishloq xo’jalik fanlari va veterinariya medisinasi Universiteti o’rtasida 2019 yilning sentyabr oyida hamkorlik memorandumi imzolangan edi. Ruminiya OTMsi va va SamVMI o’rtasidagi ilmiy va amaliy hamkorlikning yangi bosqichlarini amalga oshirish taqozo etilmoqda. Jumladan, muloqot davomida xalqaro ilmiy loyihalarni hamkorlikda amalga oshirish, yo’lga qo’yilgan almashinuv dasturlarini (talabalar va professor – o’qituvchilar almashinuvi) yanada kengaytirish, xalqaro ilmiy – amaliy konferensiyalar tashkil etish va umuman hamkorlik aloqalarini mustahkamlash bo’yicha ikki tomonning fikr-mulohazalari va takliflari eshitildi.  

 

Ruminiyalik olimlar 10 aprel kuniga qadar  Samarqandda bo’lishi rejalashtirilgan. Bu vaqt davomida ular  Samarqand Veterinariya medisinasi instituti faoliyati bilan tanishib, fakultetlar va laboratoriyalarda bo’lishadi. Erasmus+ dasturi koordinatori tomonidan prezentasiya o’tkazilib, bunda xalqaro dasturda ishtirok etish shartlari, grant loyihalarini tayyorlash, innovasion g’oyalarni shakllantirish va hokazo mavzularda masterklass mashg’ulotlari bo’lib o’tadi.  Institut talabalari uchun qishloq xo’jalik hayvonlari o’rtasida tarqaladigan ayrim kasalliklar bo’yicha ma’ruza darslari tashkil etiladi.Shuningdek, SamVMi qoshidagi akademik lisey va texnikumga tashrif ham nazarda tutilgan.

 

PS: SamVMI Halqaro aloqalar bo’limi boshlig’i Iroda Bo’tayevaning ma’lumot berishicha, ayni kunda Kluj - Napoka Qishloq xo’jalik fanlari va veterinariya medisinasi Universitetida Samarqand Veterinariya medisinasi institutining 2 nafar magistrlari ta’limni davom ettirishmoqda. Joriy yilning shu oyida 3 nafar professor –o’qituvchi Ruminiyaga stajirovkaga yuborilishi rejalashtirilgan.  

Kelgusida hamkorlik aloqalari kengaytiriladi.

SamVMI Axborot xizmati