YANGILIKLAR

Qabul-2019 SamVMI. Institut ta'lim yo'nalishlariga qancha harbiy xizmatchilarning farzandlari ro'yxatdan o'tdi va ularga qanday imtiyozlar bor?

img

Samarqand veterinariya meditsinasi instituti qabul komissiyasining xabar berishicha, shu kunga qadar jami 2 nafar qurolli kuchlar tarkibiga kiruvchi vazirlik va idoralarning xizmatdagi ofitserlari, shartnoma bo‘yicha xizmat qilayotgan serjantlar va oddiy askarlar tarkibi farzandlari institutning ta'lim yo'nalishlariga ro'yxatdan o'tgan.

Ma'lumot o'rnida, O‘zbekiston Prezidentining Qurolli Kuchlar harbiylari va ularning oila a’zolarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risidagi qarori qabul qilingan edi. Qarorga muvofiq qurolli kuchlar tarkibiga kiruvchi vazirlik va idoralarning xizmatdagi ofitserlari, shartnoma bo‘yicha xizmat qilayotgan serjantlar va oddiy askarlar tarkibi farzandlari uchun respublika oliy ta’lim muassasalariga umumiy belgilangan qabul ko‘rsatkichlari kvotasidan tashqari, harbiy oliy ta’lim muassasalariga esa kursantlarning umumiy qabul sonidan 5 foizli davlat granti asosida qabul kvotasi ajratiladi.

Kvota asosida kirish hamda davlat granti asosida ta’lim olish huquqi tegishli vazirlik va idoralarning tavsiyanomalariga ega bo‘lgan harbiy xizmatchilarning farzandlariga beriladi.

Tavsiyanomalar harbiy xizmatchilarning bevosita boshliqlari (komandirlari) iltimosnomasiga asosan tegishli vazirlik tomonidan beriladi.

5 foizli kvota chegarasida harbiy xizmatchilarning farzandlarini qabul qilish tanlov asosida amalga oshiriladi.

Qaror bilan 5 foizli qabul kvotasi quyidagicha taqsimlangan:

Mudofaa vazirligi — 44 foiz; Ichki ishlar vazirligi — 10 foiz; Favqulodda vaziyatlar vazirligi — 3 foiz; Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi — 1 foiz; Davlat xavfsizlik xizmati — 33 foiz; Milliy gvardiya — 10 foiz; Prezidentning davlat xavfsizlik xizmati — 2 foiz.

Harbiy xizmatni o‘tashda halok bo‘lgan, yarador bo‘lgan, kontuziya, shikast olish natijasida nogiron bo‘lib qolgan yoki kasalliklarga duchor bo‘lgan harbiy xizmatchilarning farzandlari oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat bosqichiga davlat granti asosida tanlovsiz qabul qilinadi.

Shuningdek, 2019-2020 o'quv yili uchun davlat granti asosida huquqbuzarlik profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashda munosib xissa qo'shgan, xizmat yoki ilmiy faoliyatida yuqori natijalarga erishgan ichki ishlar organlarining amaldagi xodimlari farzandlari uchun qo'shimcha 3 foizli qabul ko'rsatkichlarining oliy ta'lim muassasalari bo'yicha taqsimotiga muvofiq, Samarqand veterinariya meditsinasi instituti ta'lim yo'nalishlariga jami 8 ta o'rin (davlat granti) ajratilgan.

Institut matbuot kotibi

Shaxzod Axmedov